
O‘zbekistonda ayrim plastik mahsulotlarni ishlab chiqarish, yetkazib berish va sotish taqiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
«O‘zbekiston Respublikasining muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida»gi Qonuniga qo‘shimcha kiritishni nazarda tutuvchi qonun qabul qilindi. Qonun bilan ekologik toza hududlarda kurort tabiiy hududlari va rekreatsiya zonalari uchun belgilangan amaldagi cheklov hamda taqiqlarga qo‘shimcha ravishda yangi talablar joriy etildi.
Xususan, ekologik tizimlarning barqarorligini buzuvchi, tabiiy landshaftlar ko‘rinishi hamda yerosti suvlarining gidrogeologik holatini o‘zgartiruvchi ishlarni amalga oshirish taqiqlanadi. Shuningdek, tabiiy obyektlar va majmualarga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi sanoat obyektlarini qurish va ulardan foydalanishga ham yo‘l qo‘yilmaydi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ayrim plastik mahsulotlarni ishlab chiqarish, yetkazib berish va sotish ham taqiqlanadi. Ushbu talab tabiiy organik polimer mahsulotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qonunga ko‘ra, davlat ekologik ekspertizasi xulosasi asosida muhofaza etiladigan tabiiy obyektlar va majmualarga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan boshqa faoliyat turlarini amalga oshirish ham man etiladi.
Ma’lumot uchun, mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan (2026-yil 14-may) e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etilishi haqida xabar qilgan edik.