Yangiliklar

O‘zbekistonda ilk bor dronlar yordamida sholi ekildi

Dronlar yordamida bir gektar maydonga atigi 10 daqiqada ishlov berish mumkin
O‘zbekistonda ilk bor dronlar yordamida sholi ekildi
Foto: depositphotos

Dron yordamida sholi ekish texnologiyasi O‘zbekistonda ilk bor qo‘llanildi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida sholi yetishtirishning intensiv texnologiyalariga bag‘ishlangan dala seminari o‘tkazildi.

Seminarda dronlar yordamida bir gektar maydonga atigi 10 daqiqada ishlov berish mumkinligi aytildi. Bir dona dron bir kunda 200 gektargacha maydonga urug‘ yoki o‘g‘it sepishi mumkin. Qo‘lda esa bir kunda 2 gektardan ortiq maydonga ishlov berish qiyin.

Shuningdek, dronlardan foydalanish yonilg‘i va ortiqcha xarajatlarni kamaytirishi, hosildorlikni oshirishi ham ta’kidlandi. Ma’lumotga ko‘ra, xorijiy tajribada bunday texnologiyalar mehnat samaradorligini qariyb 30 barobargacha oshirgani qayd etilgan.

Tadbirda yuk ko‘tarish quvvati 100 kilogrammdan yuqori bo‘lgan zamonaviy dronlar respublikaga olib kirilib, sholichilikda keng qo‘llanilishi ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2030-yilgacha oziq-ovqat eksporti $10 mlrdga yetkazilishi xabar qilingandi. Ushbu marralarga erishish uchun oziq-ovqat xavfsizligi tizimi xalqaro standartlarga to‘liq mos bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi. Chunki ayni paytda oziq-ovqat xavfsizligi va nazorati bilan uchta idora shug‘ullanib, ular o‘rtasida yagona ma’lumotlar bazasi mavjud emas.