
Qirg‘izistonda banklar va moliyaviy tashkilotlarga kriptovalyuta bilan ishlash imkoniyatini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Tegishli qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi, deb xabar berdi 24.kg nashri.
Hujjatga ko‘ra, banklar, nobank moliyaviy tashkilotlar va Milliy bank nazoratidagi boshqa kompaniyalarga kriptovalyutani sotib olish, sotish va ayirboshlash xizmatlarini rasmiy ko‘rsatishga ruxsat berilishi mumkin.
Hozirda ularga faqat virtual aktivlarni saqlash, boshqarish va o‘tkazish bilan bog‘liq ayrim xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat etilgan. Kriptovalyutani sotib olish va ayirboshlash operatsiyalari esa taqiqlangan.
Loyiha mualliflari bu o‘zgarishlar virtual aktivlar bozorini qonuniylashtirish, operatsiyalar shaffofligini oshirish va kriptoaktivlarni an’anaviy moliya tizimiga integratsiya qilishga yordam berishini aytmoqda.
Shuningdek, hukumat soliq tushumlari ko‘payishi, xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi va fintex sohasida yangi ish o‘rinlari yaratilishini kutmoqda.
Hujjatda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Qirg‘izistonda aholi va biznesning kriptovalyutalarga qiziqishi sezilarli oshgan.
Eslatib o‘tamiz, bitkoin narxi so‘nggi bir oy ichida 19 foizga o‘sdi. Narxlarning ko‘tarilishiga institutsional investorlar oqimi va AQSh Senatida raqamli aktivlarni tartibga soluvchi Clarity Act qonun loyihasining faollashuvi sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekistonning UZNEX birjasida 4-may soat 14:56 holatiga ko‘ra, bitkoin narxi $79,8 ming tashkil qilmoqda. Faqat may oyining birinchi kunida AQSh spot bitkoin ETF (birjaga kiritiluvchi fond)lariga $630 mln sarmoya kiritildi. Bu aprel oyini o‘tgan yilning oktabridan buyon eng muvaffaqiyatli oyga aylantirgan o‘sish sur’atining davomi.