Yangiliklar

Shimoliy dengiz nefti urush boshlanganidan beri ilk bor chegirma bilan sotildi

Dated Brent’ga nisbatan chegirma bilan savdo qilindi
Foto: Getty Images

Yaqin Sharqdagi urush fonida keskin qimmatlashgan Shimoliy dengizdagi Forties markali neft ilk bor etalon narx — Dated Brent’ga nisbatan chegirma bilan savdo qilindi. Bu haqda Oninvest nashri xabar berdi.

Eni kompaniyasi tomonidan sotilgan Forties neft partiyasini treyder Vitol Dated Brent’dan barreli uchun 30 sent arzon narxda xarid qilgan. Bu holat oxirgi marta 27-fevralda, AQSh va Isroilning Eron bilan urushi boshlanishidan bir kun avval kuzatilgan edi.

Aprel oyida urush va Hormuz bo‘g‘ozi yopilishi ortidan Forties narxi 2008-yilgi moliyaviy inqirozdan oldingi rekord darajalardan ham oshib ketgandi.

Bloomberg yozishicha, Shimoliy dengiz neftidagi premiyaning yo‘qolishi Yevropa bozori investorlar kutganidan ko‘ra barqarorroq bo‘lib chiqqanini anglatadi. Yevropa Yaqin Sharqdan nisbatan kam hajmda neft import qiladi va Hormuz bo‘g‘ozi yopilishi sababli yuzaga kelgan uzilishlarni boshqa hududlar hisobidan qoplay olgan.

Xususan, Shimoliy dengiz, Kaspiy mintaqasi va Ozarbayjondan yuborilayotgan ko‘proq neft partiyalari endi Osiyoga emas, Yevropaning o‘zida qolmoqda. Bundan tashqari, AQShdan yetkazib berish hajmi ham oshgan. Ayrim hajmlar hatto strategik neft zaxiralaridan chiqarilgani aytilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Erondagi urush oqibatida jahon neft zaxiralari 200 million barrelga qisqargani haqida yozgandi.