
Abdulla Mamasaatovich Abduqodirov O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Abdulla Abduqodirov 1961-yil 19-fevralda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 1982-yilda Toshkent Xalq xo‘jaligi institutini tamomlagan bo‘lib, mehnat faoliyatini ilmiy yo‘nalishda boshlagan. 1987–1990-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Iqtisod instituti ilmiy xodimi sifatida ishlagan, keyinchalik davlat moliya tizimida turli mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan.
U 1990–1997-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida bo‘lim boshlig‘i muovini, boshqarma boshlig‘i, vazir muovini hamda vazirning birinchi muovini lavozimlarida ishlagan. 1996–2004-yillarda Davlat mulk qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, shuningdek Qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish va takomillashtirish markazi bosh direktori bo‘lgan.
Keyingi yillarda u ABN AMRO bankining O‘zbekistondagi filiali, «Smart Heating Systems» MChJ, «Infinbank» hamda «Double A Solutions» kabi tuzilmalarda rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 2020–2022-yillarda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi vazir maslahatchisi, 2022-yildan esa Strategik islohotlar agentligi rahbari birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasiga yangi rais tayinlangan edi.