
Tailand hukumati 93 davlat fuqarolari, shu jumladan O‘zbekiston sayyohlari uchun vizasiz kirish rejimini 60 kundan 30 kungacha qisqartiradi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Tailand tashqi ishlar vaziri Sixasak Fuangketkeou ma’lum qilishicha, ushbu o‘zgarish vizasiz rejimdan turizm bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda foydalanish holatlarini kamaytirishga qaratilgan.
Uning ta’kidlashicha, 60 kunlik muddat ayrim holatlarda suiiste’mollarga sabab bo‘layotgan va shu sababli qisqartirish zarur deb topilgan.
Hukumat vakillarining bildirishicha, ayrim xorijiy fuqarolar vizasiz rejimdan foydalanib, uzoq muddat qolish yoki ruxsat etilmagan faoliyat bilan shug‘ullanish holatlari aniqlangan.
Shu bois Tailand immigratsiya tizimini kuchaytirish va vizalardan foydalanish maqsadini yanada qat’iy tekshirish choralarini ham ko‘rib chiqmoqda.
O‘zgarish qachondan kuchga kirishi noma’lum
Yangi tartib qachon kuchga kirishi aniq belgilanmagan. Hukumat bu borada qo‘shimcha ma’lumot keyinroq e’lon qilinishini bildirgan.
Avvalgi rejimga ko‘ra, 2024-yil iyul oyidan boshlab Tailand 93 davlat fuqarolari, jumladan O‘zbekiston fuqarolari uchun 60 kunlik vizasiz kirish imkonini bergan edi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan 10-maygacha Tailandga 12,4 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,43 foizga kamdir.
Shunga qaramay, turizm Tailand iqtisodiyotining eng muhim tarmoqlaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2019-yilda esa mamlakatga rekord darajada — qariyb 40 million sayyoh kelgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonliklar uchun AQSh vizasini soddalashtirish bo‘yicha muzokaralar boshlangani haqida yozgandi.