Yangiliklar

Toshkentda «Inson uchun» festivali va ilk Abilimpiya chempionati o‘tkazildi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan
Toshkentda «Inson uchun» festivali va ilk Abilimpiya chempionati o‘tkazildi
Foto: Ijtimoiy himoya milliy agentligi

Toshkentda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan uchinchi bor «Inson uchun» festivali tashkil etildi. Tadbir yillar davomida oddiy yarmarkadan yirik ijtimoiy platformaga aylangan.

Festival doirasida ish yarmarkalari, ta’lim dasturlari, professional tanlovlar hamda inklyuzivlik va bandlikka bag‘ishlangan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Foto: Ijtimoiy himoya milliy agentligi

Bu yilgi tadbirning asosiy voqealaridan biri O‘zbekistondagi ilk Abilimpiya milliy chempionati bo‘ldi. Mazkur xalqaro harakat nogironligi bo‘lgan insonlarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va ularni ish bilan ta’minlashga qaratilgan.

Chempionat ishtirokchilari turli sohalardagi mahoratini namoyish etdi. Ish beruvchilar esa iqtidorli mutaxassislar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Festivalda nogironligi bo‘lgan insonlar uchun ish o‘rinlari yaratayotgan kompaniya va tadbirkorlar ham qatnashdi.

Foto: Ijtimoiy himoya milliy agentligi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shaxnoza Mirziyoyeva nogironligi bo‘lgan insonlar nafaqat yordam olishi, balki o‘qishi, ishlashi va jamiyat hayotida to‘liq ishtirok etishi uchun sharoit yaratish muhimligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abilympics 2026 olimpiadasining finalida 182 nafar yosh bellashgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, bu yilgi olimpiadaga jami 739 nafar nomzod ro‘yxatdan o‘tdi. Saralash bosqichlari yakuniga ko‘ra, 14 hududdan 182 nafar ishtirokchi final bosqichiga yo‘llanma oldi.