Yangiliklar

2026-yilning birinchi choragida 1,2 ming tonna guruch eksport qilindi

Ushbu eksport hajmining umumiy qiymati $554,9 mingni tashkil etdi
Foto: Unsplash

O‘zbekiston 2026-yilning yanvar – mart oylarida 5 ta xorijiy davlatga jami 1,2 ming tonna guruch eksport qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning dastlabki uch oyida eksport qilingan guruchning umumiy qiymati $554,9 mingga teng bo‘lgan. Bu davrda guruchning asosiy qismi Markaziy Osiyo davlatlariga yetkazib berilgan. Jumladan, eng katta hajm Tojikiston hissasiga to‘g‘ri kelib, 780,5 tonnani tashkil qilgan.

Shuningdek, Qirg‘izistonga 197 tonna va Qozog‘istonga 183,9 tonna guruch eksport qilingan. Qolgan hajm esa Afg‘oniston (24 tonna) va Litva (20 tonna) bozorlariga yo‘naltirilgan.

Taqqoslash uchun, 2025-yilning yanvar – noyabr oylarida O‘zbekiston 11 ta xorijiy davlatga jami 14,8 ming tonna guruch eksport qilgan edi. Bu ko‘rsatkichning umumiy qiymati $6,4 mln bo‘lgan.

O‘tgan yilning ko‘rsatilgan davrida Qozog‘iston (8 ming tonna), Tojikiston (3,4 ming tonna) va Qirg‘iziston (2,4 ming tonna) asosiy xaridorlar bo‘lgan. Bundan tashqari, AQSh (824,8 tonna), Afg‘oniston va Turkiya (har biri 45,2 tonna) kabi davlatlarga ham guruch yetkazib berilgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2030-yilgacha oziq-ovqat eksporti 10 mlrd dollarga yetkazilishi haqida xabar bergan edi.