Yangiliklar

2026-yilning eng qimmat brendlari e’lon qilindi. Ro‘yxatda Google yetakchi

Kompaniya qiymati $1,48 trln deb baholangan
Google AQShdan tashqaridagi eng yirik SI markazini Hindistonda quradi
2026-yilning eng qimmat brendlari e’lon qilindi. Ro‘yxatda Google yetakchi / Foto: New York Times

Kantar tadqiqot kompaniyasi BrandZ Most Valuable Global Brands 2026 reytingini e’lon qildi. Ro‘yxatdagi 100 ta eng yirik brendning umumiy qiymati bir yil ichida 22 foizga yuqorilab, $13 trlndan oshgan.

Reytingda ilk bor so‘nggi to‘rt yil ichida yetakchilikni Google egalladi. Uning brend qiymati $1,48 trln deb baholanib, bu o‘tgan yilga nisbatan 57 foiz o‘sishni ko‘rsatdi. Keyingi o‘rinlarda Apple ($1,38 trln, +6%), Microsoft ($1,11 trln, +26%) va Amazon ($1,02 trln, +18%) joy oldi.

Beshinchi o‘rinni Nvidia egallab, uning brend qiymati $815 mlrdga yetdi va yil davomida 60 foiz o‘sish qayd etildi. Eng katta sakrash esa ChatGPT brendiga tegishli bo‘lib, uning qiymati qariyb to‘rt baravar oshib, 167,8 $mlrdga yetgan. Bu natija unga jahon reytingida 15-o‘rinni ta’minladi.

Tahlillarga ko‘ra, sun’iy intellektga asoslangan «brendlar iqtisodiyoti» jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, SI texnologiyalaridan nafaqat mahsulotlarda, balki marketingda ham foydalanayotgan kompaniyalar o‘rtacha 2,5 baravar tezroq o‘sayotgani qayd etilgan.

Mutaxassislar brend muvaffaqiyatida emotsional ishonch va iste’molchi bilan bog‘lanish muhim rol o‘ynashini ta’kidlamoqda. Eng yuqori o‘sish media va ko‘ngilochar sohada (+40%), biznes texnologiyalar (+25%) va moliya sohasida (+20%) kuzatilgan. Lyuks brendlarda esa iste’molchilar qadriyatlaridagi o‘zgarishlar sabab pasayish qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google Gemini uchun maxsus noutbuk liniyasini taqdim etgan edi.