
Toshkent xalqaro aeroportida qariyb 1 kg «Alfa-PVP» sintetik narkotik moddani sport ozuqasi qutisida olib kirishga uringan ikki shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari hamkorligida aeroportda tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda xorijdan uchib kelib, bojxona nazoratidagi yashil yo‘lak orqali harakatlangan Farg‘ona viloyatida yashovchi 1988-yilda tug‘ilgan shaxs va 2006-yilda tug‘ilgan Rossiya fuqarosining qo‘l yuki hamda bagajlari tekshirildi.

Tekshiruv davomida sport ozuqasi ko‘rinishida qadoqlangan ikkita yelim idishda mos ravishda 500 va 486 gramm miqdordagi jami 986 gramm «Alfa-PVP» sintetik narkotik moddasi borligi aniqlandi.
Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, Sergeli tumani hududidagi yashirin joyga qoldirilgan ushbu narkotik vositani qabul qilib olayotgan vaqtida uning buyurtmachisi bo‘lgan 1996-yilda tug‘ilgan Toshkent shahrida yashovchi shaxs ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida salkam 13 kg «opiy» musodara qilingan edi.