Qarashlar

Yil oxirigacha dollar kursi qanday o‘zgaradi — ekspertlar fikri

Kursiv Uzbekistan ekspertlar bilan dollar bo‘yicha yil oxiriga qadar bo‘lgan kutilmalar haqida suhbatlashdi
dollar
Foto: Shutterstock

2026-yilning dastlabki 4 oyida so‘m 0,56 foizga mustahkamlandi. Jumladan, aprel oyida O‘zbekistonda dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi sezilarli darajada pasayib, oy boshidagi 12 210,71 so‘mdan 11 974,79 so‘mgacha tushdi. Bu esa umumiy hisobda 1,93 foiz (235,92 so‘m)ga teng mustahkamlanishni anglatadi.

Oy davomida 22 ta savdo sessiyasining 9 tasida dollar kuchaygan bo‘lsa, 13 tasida esa so‘mning ustunligi kuzatildi. Eng yuqori kurs 9-aprelda 12 228 so‘m, eng past ko‘rsatkich esa 30-aprelda 11 974 so‘m bo‘ldi, bu aprel oxirida so‘mning eng kuchli darajasini qayd etganini bildiradi.

Kursiv Uzbekistan DGP Research and Consulting konsalting kompaniyasi direktori, moliyaviy boshqaruv bo‘yicha ekspert Akmal Vasiev va Mirkonomika Telegram kanali muallifi, iqtisodchi Mirkomil Xolboyev bilan dollar bo‘yicha yil oxiriga qadar bo‘lgan kutilmalar haqida suhbatlashdi.

2026-yilda bozorda korreksiya boshlandi — Akmal Vasiev

Akmal Vasievning Kursiv’ga bergan izohida dollarning so‘mga nisbatan kursi tashqi va ichki omillarning turkumiga bog‘liq ekani keltirib o‘tildi.

«Ushbu omillarning zanjiri global geosiyosiy keskinlikdan boshlanib, himoya aktivlariga, xususan oltinga talabning o‘sishiga, undan esa oltin narxining oshishiga olib keladi. Bu esa eksport tushumlari va xalqaro zaxiralarning ko‘payishi orqali tashqi balansga bosimni kamaytiradi hamda kurs tebranishlarini yumshatish imkoniyatlarini kengaytiradi», — dedi ekspert Akmal Vasiev.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston uchun oltin narxi alohida ahamiyatga ega bo‘lib, 2025-yilda jahon bozorida oltin narxining oshishi so‘mning dollarga nisbatan 7 foiz atrofida mustahkamlanishiga asosiy omillardan biri bo‘lgan.

«2025-yil sentabrida O‘zbekiston Markaziy banki oltin bo‘yicha netto-sotuvchi sifatida qayd etildi, bu eksport tushumlarini qo‘llab-quvvatlab, valyuta taklifini oshirdi va tashqi balansni yaxshiladi», — deya qayd etdi Vasiev.

Ekspert fikricha, 2026-yil boshida dollar kursidagi o‘zgarishlar ko‘proq korreksion xarakterga ega bo‘lib, bu o‘tgan yilgi kuchli mustahkamlanishdan keyingi tabiiy jarayondir. «Hozirgi sharoitda 12 000 so‘m atrofidagi kurs bozor uchun nisbatan muvozanatli daraja hisoblanadi. 2026-yil oxirigacha dollar kursi 12 000–12 500 so‘m oralig‘ida saqlanishi ehtimoli yuqori», — dedi Vasiev.

U qo‘shimcha qilishicha, oltin narxi yuqori bo‘lib qolsa va pul o‘tkazmalari barqaror davom etsa, kurs pastroq darajada ushlanishi mumkin, aks holda import bosimi va tashqi omillar kuchaysa, kurs yuqori chegaraga yaqinlashadi.

«Shu sababli eng ehtimoliy ssenariy keskin devalvatsiya emas, balki kursning ma’lum koridor ichida harakatlanishidir», — deya xulosa qildi ekspert Akmal Vasiev.

Mirkomil Xolboyev: so‘m eng ko‘p qadrsizlangan valutaga aylandi

Mirkonomika kanali muallifi, iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, so‘nggi 7 ta savdo sessiyasi davomida so‘m AQSh dollariga nisbatan ketma-ket qadrsizlanib, bu davrda umumiy 1,7 foizlik pasayish qayd etildi.

Natijada, 2026-yil may oyining dastlabki 12 kunligida so‘m aprel oyidagi mustahkamlanishning katta qismini deyarli to‘liq yo‘qotdi. Shu bilan birga, ushbu davrda so‘m dollariga nisbatan qadrsizlangan kam sonli valyutalar qatorida bo‘lib, tanlab olingan 39 valyutadan faqat uchtasi qiymatini yo‘qotgan, so‘m esa eng ko‘p qadrsizlangan valyuta sifatida qayd etilgan.

Foto: Mirkonomika Telegram kanali

«Bu jarayonda aksariyat yirik valyutalar dollar nisbatan mustahkamlandi: rubl 0,5 foizga, tenge 0,4 foizga, yuan 0,4 foizga oshgan bo‘lsa, yevro 0,5 foiz, funt 0,6 foiz, frank 0,9 foiz va iyena 1,8 foizga mustahkamlangan», — dedi Xolboyev.

Uning fikricha, so‘mdagi pasayish ichki omillar bilan izohlanadi, xususan importga talabning oshishi va mavsumiy bosimlar valyutaga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytirgan bo‘lishi mumkin.

«Iqtisodiy nuqtayi nazardan qaraganda, aprel oyidagi so‘mning kuchli mustahkamlanishi nisbatan noodatiy holat bo‘lgan va may oyida bu jarayon ma’lum darajada ‘to‘g‘rilanmoqda’», — deya qayd etdi Mirkomil Xolboyev.

Shunga qaramay, ekspert hozircha valyuta bozorida keskin bosim kuzatilmayotganini ta’kidlab, asosiy savdo hamkorlar valyutalaridagi o‘zgarishlarning kechikkan ta’siri yaqin kelajakda kurs barqarorlashuviga xizmat qilishi mumkinligini bildirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan valyuta bozoridagi tendensiyalar va almashuv kursi shakllanishiga bag‘ishlangan ochiq muloqotda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov so‘m taqdirini to‘liqligicha bozor mexanizmlari qo‘liga topshirilganini va regulyatorning bozordagi roli qisqarib borayotganini ta’kidlagani haqida yozgandi.