Sport

Javohir Sindarov Grand Chess Tour’ning ilk turida durang o‘ynadi

Buxarestdagi super turnirning barcha birinchi tur o‘yinlari durang bilan yakunlandi
Foto: Michal Walusza / FIDE

Buxarestda bo‘lib o‘tayotgan Grand Chess Tour: Super Klassik Ruminiya turnirining birinchi turida o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov qora donalarda ruminiyalik Bogdan-Daniyel Dyak bilan durang qayd etdi. Bu haqda UzChess xabar berdi.

Ushbu turnir Grand Chess Tour’ning asosiy bosqichlaridan biri hisoblanib, 9 raunddan iborat aylanma tizimda o‘tkaziladi. O‘yinlar klassik vaqt nazoratida davom etmoqda. Birinchi tur doirasida Fabiano Karuana, Vinsent Keymer, Alireza Firouzja va Anish Giri kabi yetakchi shaxmatchilar ham o‘z uchrashuvlarini durang bilan yakunladi.

Foto: UzChess

Jahon shaxmat afsonasi Garri Kasparov Javohir Sindarovning ishtirokiga yuqori baho berib, uni 1960-yillardagi Boris Spasskiyga qiyosladi.

«U xuddi 60-yillarning o‘rtalaridagi Spasskiy kabi o‘ynaydi», — dedi Kasparov.

Shuningdek, u Sindarovning o‘yinida vaqtni tejash va yuqori sifatli yurishlarni topish o‘rtasidagi mukammal muvozanat borligini ta’kidladi. Kasparovning so‘zlariga ko‘ra, Sindarovning tezkor va ko‘p qirrali uslubi katta istiqbolga ega.

«Agar Sindarov xuddi shunday energiya, bosim va aniqlik bilan o‘ynashda davom etsa, uni buyuk kelajak kutmoqda», — deb qo‘shimcha qildi shaxmat afsonasi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sindarov mukofot jamg‘armasi $475 ming bo‘lgan turnirda ishtirok etishi haqida xabar bergan edi.