
Turkiston shahrida o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasida Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan uchrashdi.
Mirziyoyev va Japarov uchrashuvida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar savdo hajmi oshayotgani, sanoat, qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlik kengayayotganini qayd etdi.

Shuningdek, «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishini jadallashtirish va energetika hamda transport loyihalarini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan uchrashuvda esa strategik sheriklikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar joriy yil boshidan buyon savdo hajmi, qo‘shma korxonalar soni va aviaqatnovlar ko‘payganini ta’kidladi. Turk kompaniyalari ishtirokidagi yirik loyihalar ham faol amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Uchrashuvlarda xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkistonda Oʻzbekiston qurgan yangi masjid ochilgandi. Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Turkiston shahrida Oʻzbekiston tomonidan qurilgan yangi masjid bilan tanishdi.
Majmua 7 gektardan ortiq hududni egallaydi. Masjidda bir vaqtning oʻzida 5 mingdan ziyod kishilar namoz oʻqishi mumkin.