Yangiliklar

O‘zbekistonda har ming ayolga 1015 erkak to‘g‘ri kelmoqda

Hududlar kesimida esa vaziyat turlicha
Foto: Diyor Parpiyev / Kursiv Uzbekistan

2026-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekistonda aholining gender tarkibida erkaklar soni ayollarga nisbatan biroz yuqori bo‘lib, har ming nafar ayolga o‘rtacha 1015 nafar erkak to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari e’lon qilindi.

Foto: Milliy statistika qo‘mitasi

Hududlar kesimida esa vaziyat turlicha. Ayrim viloyatlarda erkaklar soni ancha yuqori bo‘lsa, poytaxtda aksincha, ayollar ulushi ustunroq qayd etilgan. Masalan, Namangan, Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida erkaklar soni ming ayolga nisbatan 1020 dan yuqori ko‘rsatkichni tashkil etadi. Eng past nisbat esa Toshkent shahrida kuzatilgan bo‘lib, bu yerda ming ayolga 966 erkak to‘g‘ri keladi.

Ma’lumot uchun, 2026-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra respublikada aholining umumiy soni 38 million 236,7 ming kishiga yetgan. Bunda ayollar soni 18 million 979,0 ming nafar bo‘lsa, erkaklar 19 million 257,7 ming kishini tashkil qiladi. Umumiy statistikada ayollar 49,6 foiz, erkaklar esa 50,4 foiz ulushga ega.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda uch oy ichida 42,3 mingta nikoh qayd etilgani haqida yozgandi.