
2026-yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonga 4 mln nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Ko‘rsatkichlar o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 29,9 foizga oshgan, deya xabar bermoqda Turizm qo‘mitasi Kursiv Uzbekistan nashriga.
To‘rt oy davomida O‘zbekistonga eng ko‘p sayyoh Qirg‘izistondan kelgan — 1,14 mln kishi. Keyingi o‘rinlarda Tojikiston — 965,4 ming va Qozog‘istondan 935 ming nafar turist sayohat uchun O‘zbekistonni tanlagani qayd etilgan. Shuningdek, Rossiyadan 341,8 ming nafar, Afg‘onistondan esa 161,5 ming nafar fuqaro O‘zbekistonga tashrif buyurgan.
Qo‘mitaga ko‘ra, may oyi boshiga qadar O‘zbekistonga Xitoydan 132,2 ming, Turkmanistondan 108,4 ming hamda Turkiyadan esa 57,6 ming nafar sayyoh kelgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga sayyohlik maqsadida kelgan 2,8 mlndan ortiq xorijliklarning yarmidan ko‘pi (1,5 mln nafar) 31 – 55 yoshlilar hissasiga to‘g‘ri keladi. Undan keyingi o‘rinlarni 56 yosh va undan kattalar (543 ming nafar) hamda 19 – 30 yoshlilar (500 ming nafar) egallagan. 0 – 18 yoshli bolalar va o‘smirlar soni esa 301,2 ming nafarni tashkil qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyadan O‘zbekistonga turistlar oqimi qariyb ikki baravar oshgani haqida xabar qilgan edik.