
Fuqarolar endilikda my.gov.uz portali orqali pensiya tayinlashda hisobga olinmagan ish stajlari haqida ma’lumotni onlayn olishi mumkin. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi ma’lumot berdi.
U orqali pensiyaning aniq miqdori, umumiy ish staji, o‘rtacha ish haqi, pensiyaning tayanch miqdori hamda ortiqcha ish staji uchun qo‘shimcha to‘lovlar haqida ham ma’lumot olish mumkin.
Ma’lumotnoma bir necha soniya ichida shakllantiriladi va buning uchun navbat kutishga hojat yo‘q. Xizmatdan my.gov.uz/uz ushbu havola orqali foydalanish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq nogironlik pensiyasini avtomatik tayinlash bo‘yicha qonun loyihasi Senatga yuborilgandi. Loyihaga ko‘ra, fuqaroga nogironlik belgilangach, pensiya olish uchun alohida murojaat qilish talab etilmaydi. Tayinlash jarayoni raqamli tizimlar orqali avtomatik, ya’ni proaktiv tarzda amalga oshiriladi. Bu esa, ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun byurokratik jarayonlarni sezilarli darajada kamaytiradi.