Yangiliklar

Poytaxtda noto‘g‘ri joyda to‘xtagan avtomobillar jarima maydonchasiga olib ketiladi

Ko‘chalarda tartibni ta’minlash va harakat xavfsizligini oshirish maqsadida
Poytaxtda noto‘g‘ri joyda to‘xtagan avtomobillar jarima maydonchasiga olib ketiladi / Foto: Yo‘l harakatini tashkil etish markazi

Endilikda Toshkent shahrida to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzgan avtomobillar belgilangan tartibda evakuatsiya qilinib, maxsus jarima maydonchalariga joylashtiriladi. Bu haqda shaharda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.

Toshkent shahar hokimligi va Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan shaharni qulay, xavfsiz va tartibli hududga aylantirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Bu doirada piyodalar uchun mo‘ljallangan hududlarni bo‘shatish, bekatlarni tartibga solish, jamoat transporti harakatini yaxshilash hamda shahar infratuzilmasini rivojlantirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtning turli hududlarida avtomobillarni piyodalar yo‘laklari, o‘tish joylari, bekatlar, yashil hududlar hamda to‘xtash taqiqlangan joylarda qoldirish holatlari muntazam kuzatilmoqda. Bunday qoidabuzarliklar yo‘l harakati ishtirokchilari, jumladan piyodalar, jamoat transporti va maxsus texnika harakatiga to‘sqinlik qilmoqda.

Shu munosabat bilan to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzgan avtomobillar belgilangan tartibda evakuatsiya qilinib, maxsus jarima maydonchalariga joylashtirilishi belgilandi. Ushbu choralar shahar ko‘chalarida tartibni ta’minlash va harakat xavfsizligini oshirishga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Streetpark Systems» MChJ (Poytaxt Parking) umumiy yo‘llardagi pullik to‘xtash joylarini boshqarishda ustun pozitsiyaga ega monopol deb tan olingan edi.