
«Shaffof qurilish» tizimida sun’iy intellekt asosidagi aqlli yordamchi ishga tushirildi. Mazkur xizmat foydalanuvchilarga sutkaning istalgan vaqtida tezkor ma’lumot olish imkonini beradi, deya xabar qilmoqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi.
Yangi tizim orqali shaharsozlik norma va qoidalari hamda qurilish me’yorlari va qoidalariga oid savollariga qisqa vaqt ichida javob olish mumkin. Platforma qurilish sohasidagi ma’lumotlardan foydalanishni soddalashtirish va murojaatlar bilan ishlash jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, platformada chat tarixini yuklab olish hamda qurilish sohasiga oid qonunchilik hujjatlari bilan tanishish imkoniyati ham yaratilgan. Bu foydalanuvchilarga kerakli ma’lumotlarni saqlash va huquqiy hujjatlardan foydalanishni qulaylashtiradi.
Bundan tashqari, virtual yordamchi qurilishga oid hujjatlarni tahlil qilib, avtomatik javob qaytaradi. Xususan, loyiha va fasadni o‘zgartirishga oid hujjatlar sun’iy intellekt tomonidan o‘rganilib, amaldagi normalar asosida xulosa taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev qurilish obyektlari ustidan nazoratni kuchaytirish va noqonuniy qurilishlarning oldini olishga qaratilgan takliflar bilan tanishgan edi. Unda sohadagi xavfsizlik va shaffoflikni ta’minlash uchun yirik qurilish maydonlariga kuzatuv kameralari o‘rnatilishi ma’lum qilingan.