Yangiliklar

Toshkent va Issiqko‘l o‘rtasida yangi aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi

Ilk reyslar 2026-yil 24-iyundan boshlanadi
Toshkent va Issiqko‘l o‘rtasida yangi aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi / Foto: Asman Airlines

Qirg‘izistonning Asman Airlines aviakompaniyasi Toshkent va Issiqko‘l o‘rtasida yangi aviareyslarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Uzbekistan Airports ma’lum qildi.

2026-yil 15-may kuni «Uzbekistan Airports» AJda Qirg‘izistonning Asman Airlines aviakompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda ikki davlat o‘rtasida yangi yo‘lovchi aviareyslarni yo‘lga qo‘yish hamda parvozlar geografiyasini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida Toshkent xalqaro aeroporti va Qirg‘iziston aeroportlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni tashkil etish rejalari taqdim etildi. Birinchi bosqichda 2026-yil 24-iyundan Toshkent – Tamchi (Issiqko‘l) yo‘nalishi bo‘yicha reyslarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Parvozlar Dash 8-400 turidagi havo kemalarida amalga oshiriladi.

Shuningdek, kelgusida Toshkent – O‘sh hamda Toshkent – Qoraqo‘l (Karakol) yo‘nalishlarida mavsumiy aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Toshkent va Bishkek o‘rtasida reyslarni ochish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda. Bundan tashqari, Qirg‘izistondan O‘zbekistonning Andijon, Farg‘ona va Namangan xalqaro aeroportlariga parvozlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ham muhokama qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yil 30-maydan boshlab Flykhiva aviakompaniyasi Termiz — Istanbul — Termiz yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgan edik.