
Finlyandiya poytaxti Xelsinki aeroporti Uusimaa mintaqasida dron uchirilishi haqidagi ogohlantirish ortidan juma kuni erta tongda parvozlarni uch soatga to‘xtatdi.
Parvozlar ertalabki soat 4:00 dan 7:00 gacha to‘xtatilgan va bu vaqt oralig‘ida aeroport samolyotlarni qabul qilib, jo‘natmagan. Vaziyat munosabati bilan Finlyandiya qurolli kuchlari qiruvchi samolyotlarni havoga ko‘tardi va favqulodda xizmatlarni jalb qildi.

Ichki ishlar vaziri Mari Rantanen X ijtimoiy tarmog‘ida xavf ortda qolganini e’lon qildi. Shunga qaramay, Xelsinki aeroporti ma’muriyati kun davomida reyslarda ehtimoliy kechikishlar va bekor qilinishlar kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Hodisa bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlar hozircha oshkor etilmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nyu-York aeroportida samolyot va transport vositasi to‘qnashgani haqida xabar bergan edi.