
2026-yil 1-iyundan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar joriy etilishi sababli ehtiyojmand oilalarga beriladigan kompensatsiya miqdori ham oshiriladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Hukumat qaroriga ko‘ra, davlat tomonidan elektr va gaz uchun kompensatsiya to‘lovlari davom ettiriladi. Yangi tartibga muvofiq:
| Xizmat turi | Hozirgi miqdor | Yangi miqdor |
|---|---|---|
| Elektr energiyasi uchun kompensatsiya | 30 ming so‘m | 37,5 ming so‘m |
| Qish mavsumida gaz uchun kompensatsiya | 200 ming so‘m | 225 ming so‘m |
| Boshqa mavsumlarda gaz uchun kompensatsiya | 120 ming so‘m | 135 ming so‘m |
Kompensatsiya elektr energiyasi bo‘yicha bazaviy me’yordan oshgan 150 kVt/soatgacha bo‘lgan qism uchun beriladi.
Tabiiy gaz uchun esa qishda bazaviy me’yordan oshgan 250 kub metrgacha, boshqa mavsumlarda 150 kub metrgacha bo‘lgan qism qoplanadi.
Kompensatsiya olish uchun fuqarolar mahalladagi ijtimoiy xodimga, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga yoki 1140 call-markaziga murojaat qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, yangi tartib bilan yirik iste’molchilar va ayrim guruhlar uchun elektr energiyasi 1 kVt/soat uchun 1100 so‘m etib belgilangan. Aholi uchun esa iste’mol hajmiga qarab bosqichma-bosqich (tabaqalashtirilgan) narxlar saqlab qolinadi.