Sport

O‘zbekiston U-17 termasi Janubiy Koreyani mag‘lub etib, Osiyo kubogi yarim finaliga yo‘l oldi

O‘zbekistonlik yoshlar penaltilar seriyasida 5:3 hisobida zafar quchishdi
Foto: O‘FA

17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogining chorak finalida O‘zbekiston terma jamoasi Janubiy Koreyani penaltilar seriyasida mag‘lub etib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Foto: O‘FA

Uchrashuvning asosiy vaqti 2:2 hisobida yakunlandi. Dastlab, 22-daqiqada koreyalik futbolchilar hisobni ochishga muvaffaq bo‘lishdi. Biroq O‘zbekiston terma jamoasi tezda javob qaytardi. Birinchi taym yakuniga yaqinlashganda, aniqrog‘i 41 va 44-daqiqalarda Ahror Ravshanbekov dubl qayd etib, jamoasini oldinga olib chiqdi.

Ravshanbekovning birinchi goli raqib darvozabonining xatosi natijasida kiritilgan bo‘lsa, ikkinchisi uzoq masofadan yo‘llangan chiroyli zarba evaziga amalga oshirildi. O‘yinning ikkinchi bo‘limi oxirlarida koreyaliklar hisobni tenglashtirishga erishdi. Natijada g‘olibni aniqlash uchun penaltilar seriyasiga murojaat qilindi.

Foto: O‘FA

Penaltilar seriyasida O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari barcha 5 ta imkoniyatdan unumli foydalanib, aniq zarbalar yo‘lladi va g‘alabani ilib ketdi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston U-17 terma jamoasi mazkur musobaqaning amaldagi chempioni hisoblanadi.

Avvalroq Kursiv nashri O‘zbekiston U-17 Avstraliyani mag‘lub etib, chorak finalga chiqqani haqida xabar bergan edi.