
Yulduz Rajabova va Emre Kiviljimning nikoh to‘yi, Qurbon hayiti uchun dam olish kunlari — 16-may kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Dollar hafta davomida qanday o‘zgardi

Dollar kursi hafta davomida ham o‘sish, ham pasayish dinamikalarini ko‘rsatdi. «Kursiv» nashrining ushbu maqolasida dollar kursining hafta davomidagi o‘zgarishlari haqida so‘z boradi.
Hafta boshida, 12-may kuni AQSh dollari 26,97 so‘mga oshib, 12 141,94 so‘mni, 13-mayda 3,71 so‘mga oshib, 12 145,65 so‘mni tashkil qildi. Ammo 14-may kuni dollar 72,23 so‘mga tushib, 12 073,42 so‘mni va 15-may kuni yana 98,06 so‘mga tushib, 11 975,36 so‘mni qayd etdi.
Ehtiyojmand oilalar uchun gaz va elektr kompensatsiyasi oshiriladi

2026-yil 1-iyundan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar joriy etilishi sababli ehtiyojmand oilalarga beriladigan kompensatsiya miqdori ham oshiriladi.
Kompensatsiya elektr energiyasi bo‘yicha bazaviy me’yordan oshgan 150 kVt/soatgacha bo‘lgan qism uchun beriladi.
Tabiiy gaz uchun esa qishda bazaviy me’yordan oshgan 250 kub metrgacha, boshqa mavsumlarda 150 kub metrgacha bo‘lgan qism qoplanadi.
Yangi va eski Chevrolet Equinox: modellar qanday farqlanadi

2025-yilda taqdim etilgan yangi avlod Chevrolet Equinox dizayni avvalgi modelga nisbatan sezilarli darajada o‘zgardi. GM Authority ikkita modelni solishtirib, farqlarini ochiqladi.
Yangi Equinox yanada agressiv, baland va yo‘ltanlamas uslubiga yaqin ko‘rinishga ega bo‘ldi. Oldingi avlod esa yumaloqroq va soddaroq dizayni bilan ajralib turardi.
Yulduz Rajabova va Emre Kiviljim Toshkentda to‘y qildi — foto, video

15-may kuni Toshkent shahrida aktrisa Yulduz Rajabova va turk aktyori Emre Kiviljimning nikoh to‘yi bo‘lib o‘tdi. Ko‘plab shou-biznesi vakillari o‘z ijtimoiy tarmoqlarida bunga doir video va rasmlarni joyladi.
Juftlik shu yil 17-fevral kuni Istanbulda rasmiy nikohdan o‘tgandi. O‘shanda katta to‘y Toshkentda bo‘lishi ma’lum qilingan.
Koreya Respublikasiga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi

Qashqadaryo viloyatida Koreya Respublikasiga ishga yuborishni va’da qilib, pul olgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, fuqaro X.S. ikki kishiga ishchi viza rasmiylashtirib berishini aytgan. U buning evaziga 165 mln so‘m talab qilib, $7 mingini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Yo‘lovchilar metrodan eng ko‘p foydalanadigan kunlar qaysi

Statistikaga ko‘ra, metrodan eng ko‘p foydalaniladigan kunlar payshanba va juma kunlari bo‘lib qolmoqda. Bu haqda «Toshkent metropoliteni» DUK xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil 8-may kuni metro xizmatidan 986,9 ming nafar yo‘lovchi foydalangan. 2026-yil 7-may kuni esa bu ko‘rsatkich 1,1 mlnga yetib, 12 foiz o‘sdi.
Tadbirkorlar elektr uchun 100 foiz oldindan to‘lovni bekor qilishni taklif etdi

Tadbirkorlar ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun elektr energiyasi bo‘yicha 100 foiz oldindan to‘lov tizimini qayta ko‘rib chiqishni so‘ramoqda. Bu masala Savdo-sanoat palatasida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ko‘tarildi.
Ularning ta’kidlashicha, hozir elektr hisob-kitob tizimi avtomatlashtirilgan va hisobdagi mablag‘ tugashi bilan elektr ta’minoti avtomatik tarzda o‘chirilmoqda. Shu sababli tadbirkorlar faqat amalda iste’mol qilingan elektr uchun to‘lov qilish tizimiga o‘tishni taklif qilmoqda.
Toshkentda bitiruvchi yoshlar festivali o‘tkaziladi

Toshkent shahar hokimligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda bitiruvchilar uchun yirik shou-kecha tashkil etadi.
Tadbir 25-may kuni soat 18:00 da Olimpiya shaharchasida bo‘lib o‘tadi. Kirish bepul. Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, konsert dasturida 20 dan ziyod san’atkorlar qatnashadi. Tadbir davomida mashhur qo‘shiqlar, shou dasturlar va bayramona muhit bitiruvchilar uchun taqdim etiladi.
Qurbon hayiti sabab o‘zbekistonliklar necha kun dam oladi

Bu yil Qurbon hayiti 27-may, chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan o‘zbekistonliklar ketma-ket 5 kun dam olishi mumkin.
Dam olish kunlari quyidagicha bo‘lishi kutilmoqda:
27-may — Qurbon hayiti bayrami;
28-may — qo‘shimcha dam olish kuni;
29-may — qo‘shimcha dam olish kuni;
30-may — 6 kunlik ish haftasi uchun dam olish kuni;
31-may — yakshanba.
Jaloliddin tug‘ib beradi, Xudo xohlasa — Madaniyat vaziri Yulduz Rajabova va Emre Kiviljimni tabrikladi

Avvalroq 15-may kuni Toshkentda o‘zbek aktrisasi Yulduz Rajabova va turk aktyori Emre Kiviljimning nikoh to‘yi bo‘lib o‘tgani xabar qilingandi.
To‘y marosimida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham ishtirok etdi. U yangi oila qurayotgan juftlikni tabriklar ekan, hazil aralash iliq tilak bildirdi.
«Bu bir necha yillar oldin mana shu kunlarni niyat qiluvdik, yetkazdi Xudo. Yana bir niyat qilamiz, Jaloliddin tug‘ib beradi, Xudo xohlasa», – dedi vazir.