
Surxondaryo viloyatida Afg‘onistondan olib kirilgan katta miqdordagi giyohvandlik moddasi aniqlandi. Tezkor tadbir DXX, Chegara qo‘shinlari va Bojxona qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan.
Ma’lum qilinishicha, Afg‘oniston fuqarosi boshqaruvidagi Mercedes yuk mashinasi «Termiz-avto» chegara bojxona postiga kirib kelgan. Transport vositasi belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida yuk mashinasi tirkamasidagi Doosan rusumli ekskavator inspeksion ko‘rik majmuasi orqali skaner qilingan. Shunda texnikaning ko‘targich qismida konstruksiyada ko‘rsatilmagan shubhali predmetlar borligi aniqlangan.
Shundan so‘ng ekskavator maxsus texnik vosita yordamida ko‘zdan kechirilgan. Natijada uning ko‘targich qismiga 593 kg gashish va 3 kg opiy yashirilgani ma’lum bo‘lgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, jinoiy guruh giyohvandlik moddasini tong saharda olib o‘tishni rejalashtirgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda giyohvandlik moddalarining egalarini aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Koreya Respublikasiga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlangani haqida yozgan edi.