
Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusi bilan bog‘liq yangi o‘choq qayd etildi. Kasallanish holatlari mamlakatning chekka Ituri provinsiyasida aniqlangan.
Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha 246 ta ehtimoliy kasallanish holati ro‘yxatga olingan. Shundan 65 tasi o‘lim bilan yakunlangan. Ebola virusi juda yuqumli hisoblanadi. U inson organizmidagi biologik suyuqliklar orqali yuqadi. Kasallik kam uchraydi, ammo og‘ir kechadi va ko‘p hollarda o‘limga olib kelishi mumkin.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) o‘tgan yili Kongoda Ebola virusiga qarshi davolash vositalari zaxirasi borligini bildirgan edi. Shuningdek, mamlakatda Ervebo vaksinasi bo‘yicha qariyb 2 ming doza mavjudligi aytilgan.
Biroq ushbu vaksina aynan Ebola Zaire shtammiga qarshi samarali hisoblanadi. Shu sababli yangi o‘choqda qaysi shtamm tarqalgani muhim ahamiyatga ega. Africa CDC ma’lumotiga ko‘ra, yangi o‘choqdagi virus shtammini tasdiqlovchi natijalar 24 soat ichida e’lon qilinishi kutilmoqda.
Avvalroq JSST MV Hondius kruiz kemasida xantavirus o‘chog‘i aniqlangani haqida xabar bergan edi. Kema aprel boshida Argentinaning Ushuayya shahridan Atlantika bo‘ylab safarga chiqqan. Safar davomida bir necha yo‘lovchida og‘ir respirator kasallik alomatlari paydo bo‘lgan. Keyinroq JSST kasallikka Andes shtammiga mansub xantavirus sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.
Tashkilotga ko‘ra, kemada 11 ta ehtimoliy zararlanish holati qayd etilgan. Ulardan to‘qqiztasi laboratoriya orqali tasdiqlangan, uch kishi vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Sog‘liqni saqlash vazirligi ayrim mamlakatlarda tarqalayotgan xantavirusning O‘zbekistonda tarqalish xavfi va bugungi kundagi epidemiologik vaziyat yuzasidan rasmiy ma’lumot bergani haqida yozgan edi.