Yangiliklar

Malta fuqarolariga ChatGPT Plus obunasi bepul taqdim etiladi

Buning uchun fuqarolar avval sun’iy intellekt savodxonligi bo‘yicha maxsus kursni tamomlashi kerak
Malta fuqarolariga ChatGPT Plus obunasi bepul taqdim etiladi
Foto: Depositphotos

OpenAI va Malta hukumati AI for All dasturini ishga tushirmoqda. Kompaniyaga ko‘ra, loyiha doirasida Malta aholisi ChatGPT Plus obunasidan bir yil davomida bepul foydalanadi.

Buning uchun fuqarolar avval sun’iy intellekt savodxonligi bo‘yicha maxsus kursni tamomlashi kerak. Kurs Malta universiteti tomonidan ishlab chiqilgan. Dastur keng auditoriya uchun mo‘ljallangan. Unda sun’iy intellekt nima ekani, uning imkoniyatlari va cheklovlari tushuntiriladi.

Shuningdek, kursda ChatGPT’dan uyda, ishda va o‘qishda mas’uliyat bilan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalar beriladi. Kursni yakunlagan ishtirokchilarga ChatGPT Plus obunasi bir yilga bepul taqdim etiladi. Dasturning birinchi bosqichi may oyida boshlanadi. Keyinchalik u xorijda yashayotgan Malta fuqarolariga ham tatbiq etiladi.

OpenAI ushbu loyihani sun’iy intellektni global darajada ommalashtirish yo‘lidagi qadam deb baholamoqda. Kompaniya fikricha, AI’dan foydalanish imkoniyati odamlar uni hayot, ish va ta’limda to‘g‘ri qo‘llay olgandagina foyda beradi. Malta hukumati esa tashabbus turli qatlamdagi odamlarga sun’iy intellektni o‘rganishda yordam berishini bildirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» nashri OpenAI Apple kompaniyasini sudga berishi mumkinligi haqida yozgan edi.