
Mirziyoyevning Turkistonga tashrifi, 35 mlrd dollarga yetgan energetika sarmoyasi — hafta davomida e’lon qilingan muhim yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Toshkentda kuchli yomg‘ir sabab 23 ta manzilda suv to‘plandi

Foto: Toshkent shahar hokimligi
10-may kuni Toshkent shahrida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik natijasida poytaxtning sakkizta tumanidagi 23 ta manzilda suv to‘planish holatlari qayd etildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi ma’lum qildi.
Dua Lipa Samsung kompaniyasini sudga berdi

Foto: Reuters
Xonanda Dua Lipa o‘z suratidan Samsung kompaniyasi ruxsatsiz televizor qutilarida foydalangani uchun sudga murojaat qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Dua Lipa $15 mlnlik da’vo arizasi kiritgan. Uning ta’kidlashicha, Samsung kompaniyasi o‘z mahsulotlarini targ‘ib qilish va sotish maqsadida uning muvaffaqiyatidan noqonuniy foydalangan. Xonanda o‘z suratining mualliflik huquqi, savdo belgisi huquqi buzilganligi va uning qiyofasini noqonuniy o‘zlashtirgani uchun tovon puli talab qilmoqda.

Foto: ca.news
Da’vo arizasiga ko‘ra, bahsli surat xonandaning 2024-yilda Austin City Limits Festivalidagi chiqishi vaqtida olingan. Lipa ushbu suratning mualliflik huquqi unga tegishli ekanini bildirgan.
Xonanda o‘z suratining Samsung qutilarida paydo bo‘lganini 2025-yilning iyun oyida bilib qolgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi muxlislar bu televizorni Dua Lipa TV Box deb atay boshlaganlar. Kompaniya xonandaning qonuniy talablarini, ya’ni huquqlarini buzishni to‘xtatish to‘g‘risidagi ogohlantirishlarini e’tiborsiz qoldirganligi aytilmoqda.
Aprel oyida qoramol go‘shti importi hajmi 11,2 foizga kamaydi

Foto: Kursiv Uzbekistan
2026-yilning aprel oyida O‘zbekistonga xorijdan keltirilgan qoramol go‘shti hajmi mart oyiga nisbatan 11,2 foizga qisqardi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Aprel oyida mamlakatga jami 11,25 mln kg qoramol go‘shti keltirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich mart oyida 12,67 mln kg ni tashkil etgan edi. Mahsulotning umumiy xarid qiymati ham o‘tgan oydagi $61,06 mingdan aprelda $57,04 minggacha tushgan.
Go‘sht importining umumiy qiymati ham pasayib, $84,77 mingdan $78,75 minggacha qisqargan. Xususan, tovuq go‘shti xaridi $6,36 mingga (martda $7,02 ming), qo‘y go‘shti importi esa $8,62 mingga (martda $9,66 ming) tushgan.
O‘zbekiston energetikasiga $35 mlrd sarmoya kiritildi — Jamshid Xodjayev

Jamshid Xodjayev / Foto: Energetika vazirligi
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev «Uzbekistan Energy Week – 2026» forumida energetika sohasiga kiritilgan yirik investitsiyalar va erishilgan natijalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
«So‘nggi yillarda O‘zbekiston energetika sohasiga qariyb $35 mlrd miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilindi», – dedi Xodjayev.
Bosh vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston energetikani sanoat, investorlar, aholi va «yashil» transformatsiya uchun eng kuchli ustunlardan biriga aylantirishni maqsad qilgan.
Lamin Yamal g‘alaba paradida «Real» muxlislarini kamsitdi

Foto: beIN SPORTS
«Barselona» klubi La Liganing joriy mavsumidagi chempionlik unvonini nishonlash paradida provokatsion holatlar kuzatildi. Xususan, jamoaning yosh yulduzi Lamin Yamalning xatti-harakatlari jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Parad davomida vinger qo‘lida «Xudoga shukur, men madridista emasman» (Thank God I’m not Madridista) yozuvi tushirilgan futbolkani ko‘tarib raqsga tushgani aks etgan kadrlar tarqaldi. Keyinchalik futbolchi ushbu holat aks etgan rasmni ham Instagram’dagi sahifasiga joylashtirgan.
Netflix «Qog‘oz bino» filmini yana davom ettirishi mumkin

Foto: Netflix
Netflix mashhur Money Heist (La Casa de Papel) franshizasi, ya‘ni «Qog‘oz bino»(Bumajniy dom) filmi yana davom ettirilishini rasman ma’lum qildi. Bu haqda Afisha Daily nashri xabar berdi.
Platforma loyiha qanday formatda qaytishini hozircha ochiqlamadi. Bu yangi mavsum, spin-off yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri davomi bo‘lishi mumkin.
Birja orqali dizel xarid qilgan fermerlarga subsidiya beriladi

Foto: Getty Images
Qishloq xo‘jaligi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida dizel yonilg‘isi xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu haqda prezident farmoni e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan 1-iyulgacha birja orqali dizel yonilg‘isi xarid qilgan xo‘jaliklarga subsidiya ajratiladi. Bunda har bir tonna dizel narxining 13 million so‘mdan oshgan qismi uchun kompensatsiya beriladi. Subsidiyaning maksimal miqdori 2 million so‘mdan oshmaydi.
Xotin-qizlarga OTMga kirish uchun tavsiyanoma berish boshlandi

Foto: Sun’iy intellekt
Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil ishlagan, ammo oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun davlat OTMga kirishda tavsiyanoma berish jarayoni boshlandi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ma’lum qildi.
Bu yil barcha jarayonlar to‘liq onlayn shaklga o‘tkazildi. Arizani my.gov.uz portali orqali mustaqil topshirish mumkin. Elektron tizimdan foydalanishda qiyinchilik bo‘lsa, Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish mumkin.
Interpol Migratsiya agentligining sobiq xodimiga qidiruv e’lon qildi
Migratsiya agentligining sobiq xodimi Azizbek Toshtemirov xalqaro qidiruvga berildi. Interpol saytida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, u firibgarlikda ayblanmoqda.
Toshtemirov O‘zbekiston tomonidan qidirilmoqda. Unga nisbatan «firibgarlik» moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Ma’lumotda qayd etilishicha, Toshtemirov 1990-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan. U o‘zbek, rus va ingliz tillarini biladi.
Pedagoglarning farzandlari uchun kontrakt to‘loviga 30 foiz chegirma berilishi mumkin
Pedagog xodimlarning davlat oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan farzandlari uchun shartnoma summasiga 30 foiz chegirma joriy etishi rejalashtirilmoqda. Qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Yangi tartibga ko‘ra, chegirma barcha pedagog xodimlarning farzandlariga staji va toifasidan qat’iy nazar beriladi. Asosiy talab ota-onadan biri ta’lim muassasasida mehnat shartnomasi asosida faoliyat yuritishi kerak.
AQSh Kongressida o‘zbekistonlik ayol Epshteyndan uch yil davomida zo‘ravonlik ko‘rganini aytdi
Amerikalik moliyachi Jeffrey Epshteynning o‘zbekistonlik qurboni AQSh Kongressida ilk bor ochiq ko‘rsatma berib, uch yil davomida jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini ma’lum qildi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
O‘zini Roza deb tanishtirgan ayolning aytishicha, u O‘zbekistondagi kam ta’minlangan oilada ulg‘aygan va 18 yoshida modellik faoliyati va yaxshi hayot va’dalari bilan AQShga olib ketilgan. Uni Nyu-Yorkka marhum model agenti Jean-Luc Brunel olib borgan.
Javohir Sindarov Grand Chess Tour’ning ilk turida durang o‘ynadi
Buxarestda bo‘lib o‘tayotgan Grand Chess Tour: Super Klassik Ruminiya turnirining birinchi turida o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov qora donalarda ruminiyalik Bogdan-Daniyel Dyak bilan durang qayd etdi. Bu haqda UzChess xabar berdi.
Ushbu turnir Grand Chess Tour’ning asosiy bosqichlaridan biri hisoblanib, 9 raunddan iborat aylanma tizimda o‘tkaziladi. O‘yinlar klassik vaqt nazoratida davom etmoqda. Birinchi tur doirasida Fabiano Karuana, Vinsent Keymer, Alireza Firouzja va Anish Giri kabi yetakchi shaxmatchilar ham o‘z uchrashuvlarini durang bilan yakunladi.
Turkistonda Oʻzbekiston qurgan yangi masjid ochildi
Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Turkiston shahrida Oʻzbekiston tomonidan qurilgan yangi masjid bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Majmua 7 gektardan ortiq hududni egallaydi. Masjidda bir vaqtning oʻzida 5 mingdan ziyod kishilar namoz oʻqishi mumkin.
1-iyundan elektr va tabiiy gaz uchun to‘lovlar oshiriladi
2026-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar amaliyotga kiritiladi. Bu haqda O‘zA hukumat qaroriga tayanib xabar berdi.
Yangi tartibga ko‘ra, yirik iste’molchilar va ayrim guruhlar uchun elektr energiyasi 1 kVt/soat uchun 1100 so‘m etib belgilangan. Aholi uchun esa iste’mol hajmiga qarab bosqichma-bosqich (tabaqalashtirilgan) narxlar saqlab qolinadi.
Prezident tashabbusi bilan 100 nafar vatandosh Haj safariga yuboriladi
Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 100 nafar o‘zbekistonlik «Prezident hojisi» sifatida Haj ziyoratiga bepul yuborilmoqda. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmetbekovning ma’lum qilishicha, bepul yo‘llanma berilganlar orasida turli kasb va soha vakillari bor. Ularning barchasi «Prezident hojisi» dasturi asosida Haj safariga yuboriladi.
Mirziyoyev Japarov va Erdog‘an bilan muzokara o‘tkazdi
Turkiston shahrida o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasida Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan uchrashdi.
Mirziyoyev va Japarov uchrashuvida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar savdo hajmi oshayotgani, sanoat, qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlik kengayayotganini qayd etdi.