Yangiliklar

Toqayev Turkiy davlatlar tashkilotini harbiy ittifoqqa aylantirishga qarshi chiqdi

So‘nggi vaqtlarda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida harbiy ittifoq tuzish bo‘yicha fikrlar bildirilmoqda
Toqayev Turkiy davlatlar tashkilotini harbiy ittifoqqa aylantirishga qarshi chiqdi
Foto: Ochiq manba

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Turkiy davlatlar tashkilotini harbiy ittifoq yoki geosiyosiy blokka aylantirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamasligini bildirgan. U bu haqda Turkiston shahrida o‘tgan tashkilotning norasmiy sammitida aytgan.

Toqayevga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida harbiy ittifoq tuzish bo‘yicha fikrlar bildirilmoqda. Qozog‘iston prezidenti bunday yondashuvni rad etish kerakligini ta’kidladi.

«Yaqinda harbiy ittifoq haqidagi fikrlar ham bildirildi. Ularning salbiy niyatlari bizga aniq. Maqsadlari yarashuv bilan bog‘liq emasligini ham tushunamiz. Qozog‘iston bunday pozitsiyani rad etish kerak deb hisoblaydi», — degan Toqayev.

Qozog‘iston rahbarining aytishicha, Turkiy davlatlar tashkiloti geosiyosiy loyiha yoki harbiy tuzilma emas. U savdo, iqtisodiyot, yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish, madaniy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan platformadir.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qasim-Jomart Toqayevni tug‘ilgan kuni bilan tabriklagani haqida yozgan edi.