
Counterpoint Research hisobotiga ko‘ra, yangi Galaxy S26 savdosi dastlabki olti haftada Galaxy S25 seriyasiga nisbatan 15 foizga yuqori bo‘lgan.
Hisobotda aytilishicha, Galaxy S26 qatori taqdim etilganidan keyin qisqa vaqt ichida kuchli talabga ega bo‘ldi. Shu davrda Samsung kompaniyasining umumiy smartfon savdosi ham o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 5 foizga oshgan.
Bu ko‘rsatkich kompaniya brendiga talab barqaror saqlanayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, Xitoy ishlab chiqaruvchilari ayrim bozorlarda bosimga duch kelayotgan bir paytda Samsung o‘z pozitsiyasini mustahkamlab bormoqda.
Galaxy S26 seriyasi AQSh va Janubiy Koreya kabi rivojlangan bozorlarda yaxshi sotilgan. Ushbu mamlakatlarda yangi flagmanlar savdosi ikki xonali foizlarda o‘sgan. Biroq Xitoy va Yaponiyada talab nisbatan sust bo‘lgan. Bu bozorlarda Galaxy S26 savdosi Galaxy S25 seriyasiga qaraganda pastroq kechgan. Bu holat Samsung‘ning ushbu hududlardagi jozibadorligi pasayayotganidan darak berishi mumkin.
Yevropada esa talabning asosiy qismini Galaxy S26 Ultra ta’minlagan. Sotuvlarning dastlabki to‘rt haftasida ushbu model mintaqada Galaxy S portfelidagi eng yuqori ulushlardan birini egallagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S26 Ultra smartfonini sotib olish uchun 5 ta sabab haqida yozgan edi.