Yangiliklar

Guanchjoudan Toshkentga parvoz qiluvchi samolyotni yashin urdi

Samolyot xavfsizlik talablari va amaldagi aviatsiya standartlariga muvofiq parvozlardan zudlik bilan chetlashtirilgan
Foto: Centrum Air

Centrum Air kompaniyasiga tegishli Guanchjoudan Toshkentga parvoz qiluvchi samolyotni yashin urdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Aviakompaniya ma’lumotiga ko‘ra, avvalgi reys vaqtida havo kemasini chaqmoq urgan. Shu sababli samolyot xavfsizlik talablari va amaldagi aviatsiya standartlariga muvofiq parvozlardan zudlik bilan chetlashtirilgan.

Havo kemasi texnik ko‘rik, diagnostika va zarur tiklash ishlari uchun tekshiruvdan o‘tkazilgan. Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, aviakompaniya ushbu yo‘nalishdagi samolyotni almashtirishga qaror qilgan.

Centrum Air yo‘lovchilar va ekipaj xavfsizligi kompaniya uchun eng ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi. Kompaniyaga ko‘ra, ushbu holatda barcha tezkor qarorlar aynan xavfsizlik tamoyiliga asoslangan holda qabul qilingan. Majburiy kutish davrida reys yo‘lovchilari mehmonxonaga joylashtirilgan. Shuningdek, ular uch mahal ovqat bilan ta’minlangani qayd etilgan.

Yangilangan jadvalga ko‘ra, C6512D Guanchjou, Toshkent reysi 18-may kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:25 da Guanchjoudan uchadi. Samolyot Toshkentga 19-may kuni 00:50 da yetib kelishi rejalashtirilgan. Centrum Air reys kechikishi tufayli yuzaga kelgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘radi. Aviakompaniya yo‘lovchilarga sabr-toqati va vaziyatni tushunganlari uchun minnatdorchilik bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri My Freighter aviakompaniyasining yangi samolyotiga Abdulla Qodiriy nomi berilgani haqida yozgan edi.