
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Kongo Demokratik Respublikasi hamda Ugandada qayd etilgan, o‘nlab qurbonlarga sabab bo‘lgan Ebola epidemiyasini favqulodda holat deb e’lon qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Kasallik Ebolaning Bundibugyo virusi shtammi tomonidan keltirib chiqarilgan bo‘lib, hozirgacha 80 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Kongoning Ituri provinsiyasida 246 ta gumon qilingan va 8 ta tasdiqlangan holat ro‘yxatga olingan. Shuningdek, Uganda poytaxti Kampalada ham Kongodan kelgan sayohatchilarda ikkita holat tasdiqlangan va ulardan biri vafot etgan.

JSST xabariga ko‘ra, epidemiya hozircha pandemiya mezonlariga javob bermasa-da, quruqlikdagi chegaralar orqali boshqa davlatlarga tarqalish ehtimoli yuqori. Tashkilot xavotirini oshirayotgan asosiy omil shundaki, Ebolaning Zaire shtammidan farqli ravishda, Bundibugyo virusiga qarshi tasdiqlangan maxsus davolash usullari yoki vaksinalar mavjud emas.

Mintaqadagi olti nafar amerikalik ham virus ta’sirida bo‘lgani taxmin qilinmoqda, natijada AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) favqulodda javob markazini ishga tushirdi. Tashkilot xalqaro hamjamiyatni qo‘rquv sababli chegaralarni yopmaslikka chaqirmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bunday harakatlar nazoratga olinmagan yashirin chegara o‘tishlariga olib kelishi mumkin. Uning o‘rniga, bemorlarni zudlik bilan izolyatsiya qilish va ular bilan aloqada bo‘lgan shaxslarni 21 kun davomida kuzatib borish tavsiya qilinmoqda.
Avvalroq Kursiv nashri Kongoda Ebola virusi bo‘yicha yangi o‘choq aniqlangani haqida xabar began edi.