
Namanganda an’anaviy xalqaro gullar festivalining 65-mavsumi 24-may kuni Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida tantanali ochiladi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Festival 12-iyulga qadar davom etadi. Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, bu yilgi tadbirda 50 dan ortiq davlatdan qariyb 1 mln xorijiy sayyoh va 7 mln dan ziyod mahalliy mehmon ishtirok etishi kutilmoqda.

Festival doirasida 150 dan ortiq madaniy, sport va ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkaziladi. Dron-shou, gala-konsertlar, avtoparad, moda haftaligi, simfonik konsertlar, xalqaro forumlar va sport musobaqalari shular jumlasidan.
24-may kuni festival ochilishi munosabati bilan Namangan ko‘chalarida gullar bilan bezatilgan avtomobillar paradi tashkil etiladi. Kechki payt esa «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida o‘zbek va xorijiy san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi bo‘lib o‘tadi.

Tashkilotchilar bu yilgi festival Ginnes rekordlar kitobiga kiritilishi mumkinligini ham ma’lum qildi. Hozirda bir oy davomida eng ko‘p gul ekish bo‘yicha rekord qayd etish jarayoni kuzatilmoqda.
Festival oldidan Namangan shahar va tumanlariga qariyb 5 mln tup mavsumiy gullar ekildi.
Tadbir davomida lavanda festivali, palov bayrami, motokross, kurash musobaqalari, ekologik aksiyalar va ilmiy konferensiyalar ham tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 – 9-may kunlari Toshkentda gullar festivali o‘tkazilgandi. «Tashkent Flowers Fest — 2026» festivali Yunusobod tumanidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi maydonida bo‘lib o‘tdi.