Yangiliklar

Neft narxi oxirgi ikki haftada eng yuqori darajaga yetdi

Mojaroning davom etishi fonida Brent markali neft fyucherslari narxi qariyb 2 foizga ko‘tarildi
Foto : Unspalash

Birlashgan Arab Amirliklaridagi yadro stansiyasiga uyushtirilgan hujumdan so‘ng neft narxi so‘nggi ikki haftadagi eng yuqori ko‘rsatkichga ko‘tarildi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

18-may kungi savdolarda Brent markali neft fyucherslari narxi 1,86 foizga oshib, barreli uchun $111,29 ni tashkil etdi. Savdolar davomida narx $112 gacha ko‘tarildi. AQShning WTI markali neft fyucherslari esa 2,19 foizga oshib, $107,73 ga yetdi.

Foto: B-th / Shutterstock

O‘tgan haftada AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi mojarolarni tugatish bo‘yicha umidlar susaygani ortidan ikkala markadagi neft narxi 7 foizdan ko‘proqqa oshgan edi.

Prestige Economics tahlilchisi Jeyson Shenkerning ta’kidlashicha, Eron bilan ziddiyat qanchalik uzoq davom etsa, neft narxiga shunchalik salbiy ta’sir ko‘rsatadi va foiz stavkalarining uzoq vaqt yuqori bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Bu esa iqtisodiy o‘sishga xavf tug‘diradi.

BAA rasmiylari Baraka atom elektr stansiyasiga qilingan hujum manbasini o‘rganayotganini va bu kabi harakatlarga javob qaytarishga to‘la huquqli ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, Saudiya Arabistoni ham Iroq hududidan kirib kelgan uchta dronni urib tushirganini bildirdi.

IG bozor tahlilchisi Toni Sikamorning qayd etishicha, bu kabi dron hujumlari jiddiy ogohlantirish bo‘lib, AQSh yoki Isroilning Eronga zarba berishi, Fors ko‘rfazidagi energiya infratuzilmasiga Eronning mintaqadagi kuchlari tomonidan yangi hujumlariga olib kelishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Erondagi urush oqibatida jahon neft zaxiralari 200 million barrelga qisqargani haqida xabar bergan edi.