
Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilgan Ilmiy kengash yig‘ilishida mamlakatga qaytarib olib kelingan noyob tarixiy osori atiqalar namoyish etildi. Bu haqda markaz axborot xizmati ma’lum qildi.
Ushbu amaliyot Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti huzuridagi Heritage Crime Task Force, London politsiyasining san’at va antikvar jinoyatlar bo‘limi, Art Loss Register hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida amalga oshirilgan.
Loyihada O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati, ya’ni WOSCU ham ishtirok etgan. Taqdim etilgan artefaktlar Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixini aks ettiradi. Ular buddaviy, sug‘diy va islomiy madaniy qatlamlarga oid namunalardan iborat.
Eksponatlar orasida Kushon davriga mansub haykal boshlari va byustlar, shtuko bezaklari bo‘laklari, II–VIII asrlarga oid devoriy suratlar bor. Shuningdek, Fayoztepa va Qoratepa arxeologik majmualariga tegishli osori atiqalar ham namoyish etilgan. XV asrga oid temuriylar davri kenotafi alohida ilmiy va madaniy ahamiyatga ega ekani qayd etildi. U murakkab bitiklar, bezaklar va she’riy matnlar bilan ishlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnes rekordlar kitobiga kirgani haqida yozgan edi.