Yangiliklar

Prezident Butunjahon urbanizatsiya forumida «aqlli» va xavfsiz shaharlar alyansini tuzishni taklif qildi

Mirziyoyev o‘z nutqida O‘zbekistondagi urbanizatsiya va uy-joy siyosati bo‘yicha ham ma’lumot berdi
Prezident Butunjahon urbanizatsiya forumida «aqlli» va xavfsiz shaharlar alyansini tuzishni taklif qildi / Foto: President.uz

Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tayotgan Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi doirasida Yetakchilar sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, «aqlli» va xavfsiz shaharlar alyansini tuzish tashabbusini ilgari surdi.

Davlat rahbari forum «Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda hamjamiyatlar» mavzuiga bag‘ishlanganini ta’kidlab, urbanizatsiya jarayonlari bugungi kunda global barqarorlik va xavfsizlikka bevosita ta’sir qilayotganini qayd etdi.

Prezident o‘z nutqida XXI asr o‘rtalariga borib dunyo aholisining qariyb 70 foizi shaharlarda yashashi kutilayotganini aytdi. Shuningdek, bugungi kunda dunyoda 3 mlrdga yaqin inson birlamchi yashash sharoitlaridan mahrum ekani, 1 mlrddan ortiq odam norasmiy turar joylarda istiqomat qilayotgani va 300 mlndan ziyod insonдфк boshpanasiz yashayotganiga e’tibor qaratdi.

Mirziyoyev O‘zbekistonda urbanizatsiya va uy-joy siyosati bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, so‘nggi o‘n yilda mamlakatda qurilayotgan uy-joylar soni 10 barobar oshib, 2025-yilda 238 mingta xonadonga yetgan. 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni yana 1,5 barobar oshirish rejalashtirilgan. Aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash dasturlariga har yili qariyb $2 mlrd mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

«Ikki million aholiga moʻljallangan «Yangi Toshkent» megaloyihasi biz amalga oshirayotgan urbanizatsiya strategiyasining yaqqol namunasidir. Ushbu loyihada zamonaviy shaharsozlikning eng ilgʻor yechimlari — «yashil», «aqlli», «xavfsiz», «15 daqiqali» shahar tamoyillari toʻliq hisobga olingan. Birinchi bosqichning oʻzida bu yerda qiymati $25 mlrddan ortiq investitsiya loyihalarini boshladik», – deydi davlat yetakchisi.

Davlat rahbari forum doirasida bir qator xalqaro tashabbuslarni ham ilgari surdi. Jumladan, u mutanosib urbanizatsiya tamoyilini keng joriy etish, texnologiya va tajriba almashinuviga xizmat qiladigan «aqlli» va xavfsiz shaharlar alyansini tashkil etish, shuningdek, yashil shahar xalqaro mukofotini ta’sis etishni taklif qildi.

Bundan tashqari, prezident 2030-yilda Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini Yangi Toshkent shahrida o‘tkazishni hamda uning bosh mavzusini «Shaharlarning barqaror rivojlanishida mahalla institutining o‘rni» deb nomlash taklifini ham taqdim etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev TDTning «Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish» mavzuidagi norasmiy sammitida ham ishtirok etgan edi. So‘zga chiqqan O‘zbekiston rahbari ekologik muammolarga e’tiborni kuchaytirish maqsadida 2027-yilni «Tabiatni asrash yili» deb e’lon qilish taklifini ilgari surdi.