
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanida kuchli shamol bolalar maydonchasidagi batutlarni ag‘darib, uchirib ketdi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar bor-yo‘qligi haqida hozircha rasmiy ma’lumot berilmagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda shamol oqibatida ag‘darilgan batut konstruksiyalari odamlar ustiga tushgani aks etgan. Bugun Respublikaning bazi hududlarida kuchli shamol kuzatilishi haqida xabar berilgan edi.
Sinoptiklarning prognozlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha shamol 7–12 m/s tezlikda esishi kutilmoqda. Ba’zi joylarda uning tezligi 13–18 m/s gacha, ayrim hududlarda esa 20–22 m/s gacha kuchayishi mumkin. Shuningdek, shamol chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi ehtimoli bor. Kunduzi havo harorati 30–35 darajani tashkil etadi.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda ham ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu hududlarda sel va suv toshqini xavfi mavjud. Shamol tezligi 7–12 m/s ni tashkil etib, ayrim joylarda 15–20 m/s gacha kuchayadi. Tog‘li hududlarda harorat 20–25 daraja bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdan so‘ng Olmaotada ham kuchli yomg‘ir kuzatilgani haqida xabar bergan edi.