Yangiliklar

Shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat kuchaytiriladi

Ular vakolatli organlarga vaqti-vaqti bilan kelib, ro‘yxatdan o‘tib turadi
Shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat kuchaytiriladi / Foto: Oliy Majlis Senati

Senat yalpi majlisida shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazoratni kuchaytirish hamda jinoyat-ijroiya tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi qonun ma’qullandi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar orqali jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat kuchaytiriladi. Ular vakolatli organlarga vaqti-vaqti bilan kelib ro‘yxatdan o‘tib turish majburiyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, sudga shartli ozod qilingan shaxs zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni to‘liq yoki qisman bekor qilish masalasini ko‘rib chiqishda advokat yoki shaxsning o‘zi iltimosnoma kiritishi uchun imkoniyat yaratilmoqda.

Shu bilan birga, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar orqali shartli ozod qilishni bekor qilish tartibi aniqlashtiriladi hamda ushbu masalalarni ko‘rib chiqish mahkum yashash joyidagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi sudyasi tomonidan hal etilishi belgilanmoqda. Jinoyat-ijroiya kodeksi esa yangi bob bilan to‘ldirilib, shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazoratning huquqiy asoslari, ularning majburiyatlari va nazoratni tugatish tartibi aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Bundan tashqari, «Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida»gi Qonunga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, tergov hibsxonalarida ushlab turilgan shaxslarga dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarida kamida ikki soat sayr qilish imkoniyati yaratiladi. Ularga qo‘shimcha ravishda kiyim-bosh va poyabzal olish, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalarni xarid qilish uchun ajratiladigan pul miqdorini mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir baravarigacha oshirish nazarda tutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq harbiy xizmatchilarga 41 million so‘mdan ziyod moddiy yordam ajratilishi haqida xabar bergan edik.