Yangiliklar

Shuhratbek Qurbonov Markaziy bank tizimidagi fintech kompaniyaga rahbar bo‘ldi

Simple Smart Systems
Foto: Shuhrat Qurbonov Linkedin sahifasi

Shuhratbek Qurbonov O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish bozorini raqamlashtirish bilan shug‘ullanuvchi Simple Smart Systems davlat korxonasiga rahbar etib tayinlandi. Bu haqda u o‘zining LinkedIn sahifasida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, kompaniya davlat tizimiga kirsa-da, startap tamoyillari asosida ishlaydi. Loyiha moliya bozorini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan bo‘lib, Humo to‘lov tizimi ishga tushirilgani kabi yangi infratuzilma yaratishni maqsad qilgan.

«Biz asosan ikkita narsaga urg‘u beryapmiz:

— Biznes uchun Kredit marketpleysi — tadbirkorlar bitta joyga kirib, u yerdagi banklar orasidan o‘ziga eng ma’qul shartlardagi kreditni tanlab oladigan tizim.

— Banklar uchun AI/ML skoring — sun’iy intellekt yordamida tadbirkorlarning kredit to‘lay olish qobiliyatini aniq baholab beradigan dastur. Maqsad – inson faktori va qo‘l mehnatini kamaytirib, jarayonni to‘liq avtomatlashtirish», — deydi u.

Qurbonov bank sektorini yangi tizimni yaratishda hamkorlikka chaqirdi.

iHamkor ma’lumotiga ko‘ra, Simple Smart Systems kompaniyasi joriy yil aprel oyida tashkil etilgan. Korxonaning ustav kapitali 57,25 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Kompaniya to‘liq Markaziy bank tizimidagi tashkilotlarga tegishli. Uning 95 foizi Axborotlashtirish bosh markaziga, yana 5 foizi esa Garov Reestri kompaniyasiga qarashli.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning may oyida Milliy banklararo protsessing markazining (Humo) sobiq rahbari Shuhratbek Qurbonov TBC Boshqaruv raisi maslahatchisi lavozimida ish boshlagandi.