Yangiliklar

«The Boys» seriali final qismining treyleri e’lon qilindi — video

Beshinchi mavsumning so‘nggi epizodi 20-may kuni Prime Video platformasida taqdim etiladi
Foto: Prime Video

«Yigitlar» (The Boys) seriali beshinchi mavsumining yakuniy qismi uchun treyler namoyish etildi, unda qahramonlarning so‘nggi jangga tayyorgarligi aks etgan. Treyler Prime Video platformasida taqdim qilindi.

Treyler asosiy qahramonlarni namoyish etadi. Butcherning superqahramonlarga barham berish istagini ifodalovchi monologi ham qisqa videodan o‘rin olgan.

«Biz bu superqahramonlar degan jinni g‘oyaga chek qo‘yishimiz kerak. Superqahramonlar tugadi», — deydi u videoda.

The Boys Season 5 Episode 8 Series Finale Trailer

Avvalroq e’lon qilingan posterga ko‘ra, finalda Oq uyda Butcher va Xoumlender o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lishi kutilmoqda. Beshinchi mavsumning oldingi qismlari tomoshabinlar tomonidan turlicha kutib olindi. Serialni to‘ldiruvchi epizodlar va yakunlanmagan syujet liniyalarining ko‘pligi sababli tanqid qilishdi.

Foto: hollywoodreporter.com

IMDb platformasida beshinchi mavsumning yettinchi qismi serial tarixidagi eng past bahoni oldi. Shunga qaramay, shouranner Erik Kripke so‘nggi epizod muxlislarni hafsalasini pir qilmasligiga va’da bermoqda. Kripke finalning butun serialni qabul qilishga ta’sirini tushunishini ta’kidladi.

«Yaxshi yakun yasash juda qiyin. Muxlislar serialni finalga qanday munosabatda bo‘lishlariga qarab retrospektiv baholaydilar», — dedi Erik Kripke.

Yakuniy qismning davomiyligi 1 soat 5 daqiqani tashkil etadi. Serial ijodkorlari voqealarni cho‘zishni xohlamagan yoki byudjet cheklovlari bunga sabab bo‘lishi mumkin. Final epizodi 20-may kuni Amazon Prime Video’da chiqadi, biroq bir kun avval kinoteatrlarda ham namoyish etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 2027-yilda serialning prikveli ham ekranlarga chiqishi ma’lum qilingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «The Boys» yulduzlari Jek Kueyd va Klaudiya Dumit turmush qurgani haqida xabar bergan edi.