
O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) nol stavkada qo‘llanadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ro‘yxati kengaytirildi. Ro‘yxatga tirik baliq, chorva mollari va asalarilar ham qo‘shilgan.
Soliq qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat 518 ta banddan iborat. Unga meva, sabzavot, poliz mahsulotlari, dukkakli ekinlar, go‘sht, sut va baliq mahsulotlari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlari ko‘chatlari kiritilgan.

Aprel oyi oxirida qabul qilingan qaror asosida ro‘yxatga yana 14 ta mahsulot qo‘shildi. Ular orasida tirik baliq, yirik va mayda shoxli tirik mollar, xususan sigir, buqa, qo‘y va echkilar bor. Shuningdek, otlar, cho‘chqalar, tuyalar, eshaklar, asalari paketlari, ipak qurti, kavrak ko‘chatlari va smolasi ham ro‘yxatga kiritilgan.
Unga ko‘ra, paxta va g‘alladan tashqari qator qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun QQS nol stavkada qo‘llanadi. Bu imtiyoz meva, sabzavot, poliz mahsulotlari, dukkakli ekinlar, go‘sht, sut, tuxum, baliq va ko‘chatlarga nisbatan tatbiq etiladi. Ro‘yxatga Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi va viloyatlar hokimliklari takliflari asosida o‘zgartirish kiritilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri umumiy ovqatlanish sohasi uchun QQS nolga tushirilmasligi haqida yozgan edi.