
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va AQSh prezidenti Donald Tramp telefon orqali muloqotida Eron bilan urush qayta boshlanishi ehtimolini muhokama qildi. Bu haqda The Times of Israel nashri xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, telefon suhbati Isroilda xavfsizlik masalalari bo‘yicha yopiq yig‘ilish arafasida bo‘lib o‘tgan. Tomonlar Eron bilan mojaro qanday rivojlanishi mumkinligini muhokama qilgan. Shuningdek, suhbat davomida Trampning Xitoyga qilgan so‘nggi tashrifi yakunlari ham ko‘rib chiqilgan.
Netanyahu avvalroq hukumat yig‘ilishida Tramp bilan gaplashishini ma’lum qilgan edi. Yig‘ilish Quddus kuni munosabati bilan o‘tkazilgan.
«Men, albatta, uning Xitoy safaridan olgan taassurotlarini eshitaman. Shuningdek, boshqa masalalar bo‘yicha fikrini ham bilishim mumkin. Voqealar rivoji bo‘yicha variantlar yetarli, biz har qanday ssenariyga tayyormiz», — deya qayd ertgan Netanyahu.
Avvalroq The New York Times Yaqin Sharqdagi rasmiylarga tayanib, AQSh va Isroil Eronga ehtimoliy yangi zarbalar bo‘yicha tayyorgarlikni kuchaytirganini yozgan edi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, agar Tehron bilan muzokaralar butunlay boshi berk ko‘chaga kirsa, Eronning harbiy obyektlari va infratuzilmasiga kengroq ko‘lamdagi hujumlar ssenariysi ko‘rib chiqilishi mumkin.
Hozircha tomonlar ehtimoliy harbiy harakatlar bo‘yicha rasmiy qaror e’lon qilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQSh Eronga muzokara uchun beshta shart qo‘ygani haqida yozgan edi.