Yangiliklar

Xantavirus Indoneziyada: Jakartada uchta holat aniqlandi

Hokimiyat sanitar-epidemiologik nazoratni kuchaytirdi
Xantavirus Indoneziyada: Jakartada uchta holat aniqlandi / Foto: Jakarta Globe

Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida xantavirusning uchta tasdiqlangan va yana oltita ehtimoliy holati aniqlandi. Bu haqda shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Ani Ruspitavati ma’lum qildi.

Rasmiylarga ko‘ra, kasallanganlarning barchasi shifokorlar nazoratiga olingan. Hozirda epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda, bemorlarning kontaktlari aniqlanmoqda. Jakarta shifoxonalarida monitoringlar kuchaytirilgan.

Jakarta Globe nashrining yozishicha, gumonli holatlar shaharning bir necha hududida aniqlangan. Hukumat aholini sanitariya qoidalariga rioya qilishga va infeksiya tashuvchisi hisoblangan kemiruvchilar bilan aloqadan saqlanishga chaqirgan.

Tempo nashri esa Jakarta sog‘liqni saqlash boshqarmasiga tayanib, uchta holat laboratoriya orqali tasdiqlangani, yana oltita holat bo‘yicha qo‘shimcha tekshiruvlar davom etayotganini bildirgan.

Ma’lumot uchun, xantavirus asosan zararlangan kemiruvchilar orqali yuqadi. Kasallik isitma, mushak og‘rig‘i va holsizlikni keltirib chiqarishi, og‘ir holatlarda esa o‘pka hamda buyrak faoliyatiga zarar yetkazishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi ayrim mamlakatlarda tarqalayotgan xantavirusning O‘zbekistonda tarqalish xavfi va bugungi kundagi epidemiologik vaziyat yuzasidan rasmiy ma’lumot bergan edi.