
Xiva shahrida ayolning shaxsiy tasvirlarini tarqatish bilan qo‘rqitgan erkak ushlandi. Bu haqda Xorazm IIB Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, Xiva tumanida yashovchi, 1979-yilda tug‘ilgan erkak 1986-yilda tug‘ilgan ayol bilan tanishgan. U ayolning ishonchiga kirib, uning shaxsiy hayotiga oid foto va video tasvirlarni qo‘lga kiritgani aytilmoqda. Keyinchalik erkak ushbu tasvirlarni internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatish bilan qo‘rqitgan. U ayolning ruhiy holatidan foydalanib, tovlamachilik yo‘li bilan pul va taqinchoq talab qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, erkak jami 16 mln so‘m hamda bir juft sirg‘a talab qilgan. U pul mablag‘larini olayotgan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan tegishli hujjatlar qonuniy tartibda rasmiylashtirilgan. Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 141-moddasi va 165-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni vaqtda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Zominda noqonuniy diniy ta’lim berish holati aniqlangani haqida yozgan edi.