
Yaponiya Immigratsiya xizmatlari agentligi mamlakatda noqonuniy yashab kelgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, deportatsiya 15-may kuni Yaponiya davlat budjeti hisobidan amalga oshirilgan. Har ikki fuqaro Yaponiyaga «talaba» vizasi bilan borgan. Biroq viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatni tark etmay, noqonuniy ravishda qolgan. Shundan so‘ng ular Yaponiya rasmiylari tomonidan hibsga olingan va mamlakatdan chiqarib yuborilgan.
Elchixona «talaba» vizasi ishlash uchun emas, faqat o‘qish maqsadida berilishini eslatgan. Noqonuniy yashash yoki noqonuniy mehnat qilish holatlari aniqlansa, qat’iy choralar ko‘riladi. Bunday choralar qatoriga politsiya tomonidan hibsga olish, immigratsiya muassasalarida ushlab turish yoki deportatsiya qilish kiradi.
Yaponiya hukumati qonunbuzarlik qilgan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston hukumatiga ham taqdim etadi. Shu sababli bunday fuqarolarga nisbatan O‘zbekistonga qaytganidan keyin ham tegishli choralar ko‘rilishi mumkin.
Elchixona fuqarolarni «Yaponiyada ishlash mumkin» kabi takliflarga ishonmaslikka chaqirmoqda. Shuningdek, Yaponiyada qochqin maqomini olish orqali uzoq muddat qolish yoki ishlash mumkinligi haqidagi ma’lumotlar noto‘g‘ri ekani ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlangani haqida yozgan edi.