Yangiliklar

Yer va ko‘chmas mulk huquqlarini rasmiylashtirish muddatlari qisqartiriladi

Shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi ham takomillashtiriladi
Yer va ko‘chmas mulk huquqlarini rasmiylashtirish muddatlari qisqartiriladi / Foto: Facebook

Senat yalpi majlisida o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari va ularda qurilgan obyektlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish jarayonini soddalashtirish hamda hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirishni nazarda tutuvchi qonun ma’qullandi.

Majlisda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilinib, unda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish tizimini takomillashtirish nazarda tutilgani qayd etildi.

Qonunga muvofiq, «O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida»gi hamda «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonunlarga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ular huquqlarni e’tirof etish bilan bog‘liq hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish hamda shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibini takomillashtirishga qaratilgan.

Shuningdek, fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida soliq qarzdorligi tushunchasi aniqlashtirilmoqda. Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etishda bir martalik to‘lovni bo‘lib-bo‘lib amalga oshirish tartibi va shartlari ham joriy etilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Senat shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazoratni kuchaytirish hamda jinoyat-ijroiya tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi qonunni ma’qullagan edi.