Yangiliklar

Yetimlarga berilgan uylarni xususiylashtirish bo‘yicha izoh berildi

Uylar davlat uy-joy fondidan ijara shartlari asosida foydalanish huquqi bilan ajratilgan
Yetimlarga berilgan uylarni xususiylashtirish bo‘yicha izoh berildi
Foto: Pexels

Ijtimoiy himoya milliy agentligi yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan shaxslarga berilgan uy-joylarni xususiylashtirish masalasiga izoh berdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2021-yil 25-oktabrgacha yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga turar joylar Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-avgustdagi 164-son qarori asosida berilgan. Ushbu tartibga ko‘ra, uylar davlat uy-joy fondidan ijara shartlari asosida foydalanish huquqi bilan ajratilgan.

Uy-joy kodeksining 8-moddasiga muvofiq, maqsadli kommunal uy-joy fondiga kiruvchi turar joylar ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan fuqarolarga xususiylashtirish huquqisiz ijara asosida beriladi. Mazkur fondni boshqarish hokimliklar vakolatiga kiradi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, maqsadli kommunal uy-joy fondiga kiruvchi turar joylar Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufida emas. Agentlik davlat uy-joy fondini xususiylashtirish masalalarini hal qilish vakolatiga ega emas. Davlat uy-joy fondidan foydalanish va uni tasarruf etish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-martdagi 124-son qarori bilan tartibga solinadi.

Ushbu sohada vakolatli organ sifatida tuman va shahar hokimliklari belgilangan. Shu sababli 2010-yil 2-avgustdagi 164-son qaror asosida ijara shartlari bilan uy olgan fuqarolar tegishli tuman yoki shahar hokimligiga murojaat qilishi mumkin. Shuningdek, murojaatlarni my.gov.uz portali orqali ham yuborish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» nashri O‘zbekistonda uy-joy savdosi yil boshidan buyon 34,8 foizga oshgani haqida yozgan edi.