Yangiliklar

Zominda noqonuniy diniy ta’lim berish holati aniqlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 229²-moddasi ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish choralari ko‘rilmoqda
Zominda noqonuniy diniy ta’lim berish holati aniqlandi
Foto: Videodan ekran tasviri

Jizzax viloyatining Zomin tumanida noqonuniy diniy ta’lim berish holati aniqlandi. Bu haqda «Zamon» ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.

Xabar berilishicha, Nihol mahallasida yashovchi, 1983-yilda tug‘ilgan shaxs o‘z xonadonida moddiy manfaat evaziga diniy ta’lim bergan. U Andijon shahridagi Sog‘lom turmush mahallasida yashovchi, 2006-yilda tug‘ilgan fuqaro bilan birga dars o‘tgan. Diniy ta’lim shu yil 20-fevraldan buyon hujra sharoitida olib borilgani aytilmoqda.

Darslarga jami yetti nafar shaxs jalb qilingan. Ularning olti nafari voyaga yetmagan bolalar bo‘lgan. Mashg‘ulotlarda Qur’oni karim, Muallimi soniy va Tajvidli Qur’on kitoblaridan foydalanilgan. Tekshiruv davomida dars o‘tish uchun zarur sharoitlar ham bo‘lmagani aniqlangan.

Qayd etilishicha, dars bergan shaxslar maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan. Ular diniy bilimlarni mustaqil ravishda o‘rgangan. Mas’ullarga ko‘ra, maxsus diniy bilimga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan dars berish qonunga xilof hisoblanadi. Bunday holatlar jamoat xavfsizligi va bolalar huquqlariga ham tahdid solishi mumkin.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 229²-moddasi ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish choralari ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlangani haqida yozgan edi.