
O‘zbekistonda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasi tashkil etiladi. Bu bo‘yicha tegishli hukumat qarori qabul qilindi.
Nizomga ko‘ra, xalqaro olimpiadada xorijda yashayotgan vatandoshlarning 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilari ishtirok etadi. Ular musobaqada yakka yoki jamoaviy tarzda qatnashishi mumkin. Olimpiada har yili oktabr oyiga qadar ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich test topshiriqlaridan iborat bo‘ladi. Ikkinchi bosqichda esa ishtirokchilar yozma ish yozadi.
Ishtirokchilar olimpiadada onlayn yoki oflayn shaklda qatnashishi mumkin. Xorijiy davlat terma jamoasi tarkibi 6 nafargacha ishtirokchi va 1 nafar jamoa rahbaridan iborat bo‘ladi. Bir davlatdan 3 tagacha terma jamoa ishtirok etishiga ruxsat beriladi.
Birinchi bosqichda ishtirokchilar 30 ta test topshirig‘ini bajaradi. Ushbu bosqich umumiy 50 ball bilan baholanadi. Ikkinchi bosqichda ishtirokchilarga 5 tagacha esse mavzusi taqdim etiladi. Ular qur’a orqali tanlangan bitta mavzu asosida ijodiy ish yozadi.
Olimpiada g‘olib va sovrindorlari oltin, kumush va bronza medallari bilan taqdirlanadi. Ularga diplom hamda esdalik sovg‘alari ham topshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Usmon Azimning Yangi O‘zbekiston haqidagi maqolasi e’lon qilingani haqida yozgan edi.