Avto

Chevrolet Traverse 2027 yangi kameralar bilan jihozlanadi

Traverse Surround Vision Recorder tizimiga ega bo‘ladi
Chevy Traverse 2027 yangi kameralar bilan jihozlanadi
Foto: GM Authority

General Motors 2027-yilgi Chevrolet Traverse krossoveriga yangi kamera funksiyalarini qo‘shadi. GM Authority yozishicha, yangilanishlar uch qatorli oilaviy avtomobilning barcha versiyalarida paydo bo‘ladi.

Yangi modelda salon ichini kuzatuvchi kamera standart uskuna sifatida taqdim etiladi. U Cabin Glance funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu tizim multimedia ekrani orqali ikkinchi va uchinchi qatordagi yo‘lovchilarni tezda ko‘rish imkonini beradi. Funksiya ayniqsa bolali oilalar va uy hayvonlari bilan sayohat qiluvchilar uchun qulay bo‘ladi.

Foto: 2024 Chevrolet Traverse / GM Authority

Ichki kamera Security Recording funksiyasini ham qo‘llaydi. Ushbu tizim avtomobil to‘xtab turgan paytda salon ichidagi harakatlarni yozib boradi. Bu esa o‘g‘rilik yoki vandalizm holatlarida qo‘shimcha xavfsizlik yaratadi.

Shuningdek, 2027-yilgi Traverse Surround Vision Recorder tizimiga ega bo‘ladi. U avtomobil atrofidagi kameralar orqali video yozib olish imkonini beradi. Natijada kuzatuv kameralari hodisalarni qayd etuvchi tizim vazifasini ham bajaradi.

Foto: 2024 Chevrolet Traverse / GM Authority

Avvalroq kompaniya Traverse uchun yangi kuzov ranglari va yangilangan disk dizaynlari ham taqdim etilishini ma’lum qilgandi. Model ishlab chiqarilishi yil oxirida Michigan shtatidagi Lansing Delta Township zavodida boshlanishi rejalashtirilgan.

Hozirgi avlod Chevrolet Traverse 2024-yilda taqdim etilgan edi. U yangi dizayn, yangilangan salon va 328 ot kuchiga ega 2,5 litrli turbomotor bilan jihozlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Spark yilning eng yaxshi elektromobili deb topilgandi. Modelga ushbu e’tirof Amerika qit’asidagi avtomobil jurnalistlari federatsiyasi, ya’ni FIPA tomonidan berilgan. Bu yilgi marosimda Chevrolet Spark EUV mintaqadagi eng yaxshi nol emissiyali avtomobil sifatida tanlandi. G‘olib avtomobil sohasiga ixtisoslashgan jurnalistlarning ovozi asosida aniqlangan.