Yangiliklar

Endi ayrim qarzdorlik bo‘yicha nizosiz ishlar sudda ko‘rilmaydi

Loyiha bilan «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonunga ham o‘zgartirish kiritilmoqda
Nizosiz qarzdorlik ishlarini ko‘rish tartibi o‘zgartirilmoqda
Foto: Quyi palata matbuot xizmati

Endi ayrim qarzdorlik bo‘yicha nizosiz ishlar sudda emas, notarius orqali hal qilinishi mumkin. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ijara to‘lovlari, ko‘p kvartirali uylardagi joylar mulkdorlaridan olinadigan majburiy badallar va to‘lovlar bo‘yicha talablar sud buyrug‘i tartibida ko‘riladi. Shuningdek, kommunal va aloqa xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni undirishga oid talablar ham shu tartibda ko‘rib chiqilishi mumkin.

Biroq bu talablar miqdori bazaviy hisoblash miqdorining ming baravaridan ko‘p bo‘lishi kerak. Mazkur miqdordan kam bo‘lgan nizosiz talablar esa notariuslar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Loyiha bilan «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonunga ham o‘zgartirish kiritilmoqda.

Unga ko‘ra, ijro xatlarini yozib berganlik uchun undiriladigan summa notariusning ushbu notarial harakat uchun sarflagan haqiqiy xarajatlariga moslashtiriladi. Shuningdek, hujjat nizosiz talablarni hal etish tartibini soddalashtirish va notarial xizmatlar qamrovini kengaytirishga qaratilgani bildirildi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri kommunaldan qarzdorlik yo‘qligi haqida ma’lumotnoma qanday olinishi haqida yozgan edi.